Bosh sahifa /  Deputatlar faoliyati /  Mustaqillik bergan ne’matlar
Mustaqillik bergan ne’matlar

Prezidentimiz Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida dunyodagi sanoqli davlatlar qatori yurtimizda mustaqil taraqqiyot davrida iqtisodiyotda misli ko’rilmagan yuksalish kuzatilganini, xususan, atigi yigirma besh yilga yaqin vaqt ichida mazkur jabha qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real daromadlar esa 9 barobardan ziyod o’sganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimiz rahbarining bu jihatga ayricha urg’u bergani bejiz emas. Chunki aynan iqtisodiyot jamiyatdagi boshqa har qanday soha, bo’g’in uchun o’ziga xos "lokomotiv" vazifasini o’taydi. Sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo’jaligi, ta’lim, madaniyat, sog’liqni saqlash, sport, xizmat ko’rsatish, turizm va boshqa jabhalar ravnaqi, qolaversa, yurt obodligi, el turmush darajasi, kelajak avlod masalasi birinchi galda iqtisodiy omillarga bog’liq ekani inkor etib bo’lmas haqiqatdir.

Albatta, dunyoviy taraqqiyot sari dadil odimlayotgan mamlakatimizning bugungi qiyofasi, xalqimiz turmushining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy darajasi, Vatanimizning jahon hamjamiyatida tutgan o’rni o’z-o’zidan shakllanib qolgan emas. Istiqloldan so’ng yurtimizda bozor munosabatlari asosida yangicha jamiyat qurish yo’liga o’tilgani, bunda bosh mezon sifatida Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning "o’zbek modeli" tanlangani, ya’ni shoshma-shosharlik, kimo’zarga, har turli "shok terapiyalari"ga asoslangan yo’ldan emas, balki o’zligimizga, xalqimiz ma’naviyati, fe’l-atvori, hayot tarziga mos va xos butunlay yangi, zamonaviy, o’zimiz uchun eng maqbul yo’ldan borilayotgani ertangi kunimizga mustahkam zamin hozirlagan muhim omil ekanligi ma’lum. Shu bilan bir qatorda ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olgan keng ko’lamli islohotlar o’z samarasini berayotganini, diyorimizda demokratik tamoyillarga asoslangan g’oyat mustahkam qonunchilik, huquq-tartibot tizimi amal qilayotganini ham ta’kidlash o’rinli.

Bundan tashqari, hukumatimiz tomonidan xususiy tadbirkorlik, fermerlik, kichik va o’rta biznes ravnaqiga keng imkoniyatlar eshigining ochib berilgani, ushbu jabhaga katta e’tibor qaratilayotgani, bu borada ulkan o’zgarishlarga qo’l urilayotgani, mazkur faoliyat turi bilan shug’ullanuvchilar uchun qator shart-sharoitlar, imtiyozlar yaratilayotgani ham mamlakat taraqqiyotida, el farovonligining ta’minlanishida muhim ahamiyatga molik bo’lyapti.

Umuman, dunyoda anchadan buyon global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramay, barqaror rivojlanib borayotgan yurtimiz iqtisodiyoti izchil ravishda ijtimoiy yo’naltirilgan siyosatni amalga oshirish, odamlarning turmush darajasini yanada yaxshilash, inson manfaatlari ustuvorligi tamoyilini hayotga keng tatbiq etish singari olijanob maqsadlarga xizmat qilmoqda. Xususan, mamlakatimiz aholisining salmoqli qismi yashaydigan qishloq hududlarida namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish, eng chekka, olis manzillarda ham zamonaviy infratuzilmani shakllantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan "Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qaroriga ko’ra, olis, chekka hududlarda ham zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan, shinam va barcha qulayliklar muhayyo turar joylar barpo etishga kirishilgani, har yili ko’plab oilalar ana shunday uylarga ega bo’layotgani e’tiboru e’tirofga loyiq. Birgina Buxoro viloyatining o’zida 2009-2014 yillar oralig’ida namunaviy loyihalar asosida barcha tumanlar bo’yicha jami 149 ta massivda 3 ming 354 ta uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu maqsadlar uchun 374,8 milliard so’m yo’naltirilgani ham bunyodkorlik ishlari naqadar keng ko’lamda ekanligidan dalolat. Shuning barobarida chekka qishloq joylarida ham havas qilgulik shart-sharoitlarga ega ko’rkam kasb-hunar kollejlari, ishlab chiqarish korxonalari, madaniy dam olish maskanlari qad rostlayapti. Mazkur yirik miqyosdagi tadbirlar izchillik bilan davom etayotganini ta’kidlagan holda, yurtdoshlarimizning ongu shuurida ham ulkan o’zgarishlar bo’layotganini, endilikda ular "Kim edigu, kim bo’ldik?!", "Biz hech kimdan kam emasmiz!" tamoyillarini hayotiy shiorga aylantirib, o’zlarining shon-sharafga to’la qizg’in mehnat faoliyatlari orqali Vatan ravnaqiga munosib hissa qo’shayotganini ta’kidlash joiz. Xalqaro ekspertlar ham haqli ravishda respublikamizni ulkan bunyodkorlik, beqiyos yangilanishlar, keng imkoniyatlar mamlakati sifatida e’tirof etishmoqda. Darhaqiqat, yurtimizning qay bir go’shasiga bormang, hududlar qiyofasi tubdan o’zgarayotganini, tobora obod bo’layotganini ko’rasiz. Bu kabi sa’y-harakatlar samarasi o’laroq nafaqat shaharu qishloqlarimiz ko’rkiga ko’rk qo’shilmoqda, ayni paytda, yo’lovchilar, sayohatchilar uchun qator qulayliklar yaratilib, kishilar hayoti va sog’ligini muhofazalash, ehtiyojlarini to’la qondirish choralari kuchaytirilayotir. O’z navbatida mazkur omil xizmat ko’rsatish, yuk va yo’lovchi tashish, transport va telekommunikatsiya, turizm singari sohalar rivojida hal qiluvchi rol o’ynayapti.

Ta’kidlash lozimki, yuqorida tilga olingan jabhalar istiqlolgacha abgor holga tushib qolgan, respublikaning u chetidan bu chetiga borishning o’zi fuqarolar uchun katta qiyinchiliklar tug’dirardi. Mustaqillikdan so’ng esa yurtimizga avtomobilsozlikdek tamoman yangi bir soha kirib keldi. Bugungi kunda Andijon, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida har jihatdan qulay, zamonaviy engil mashinalar, avtobus hamda yuk avtomobillari ishlab chiqarilyapti. Ya’ni bunday mahsulotlarga bo’lgan ehtiyojimizni o’zimiz qondiryapmiz. Shu yo’sin o’tgan davr ichida bizda transport ta’minoti va xizmati borasidagi muammolar ham o’z-o’zidan kun tartibidan tushdi. Bundan tashqari, mamlakatning "qon tomir"i sanalmish temir yo’l sohasida ham olamshumul yutuqlarga erishildi va erishilmoqda. Birgina "Asr qurilishi" deya ta’riflangan, Toshkent—Pop yo’nalishida bunyod etilgan yangi temir yo’lni mustaqillikning haqiqiy ne’mati desak, mubolag’a bo’lmaydi. Shuningdek, temir yo’l magistrallarining elektr-lashtirilayotgani, joriy yilda Samarqand va Qarshidan so’ng Buxoroni ham poytaxt bilan bog’lovchi yuqori tezlikda harakatlanadigan "Talgo-250" yo’lovchi poezdlari qatnovining yo’lga qo’yilishi, shu yo’nalishda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani muhim tarixiy ahamiyatga molikdir. Bu kabi yirik miqyosdagi tadbirlar nafaqat kishilar uzog’ini yaqin qilish, yuk va yo’lovchi tashishni rivojlantirish jihatidan, balki yangi ish o’rinlarining yaratilishi, xizmat ko’rsatish darajasining yanada yaxshilanishi bilan ham xarakterlidir.

Gap transport xizmati haqida ketar ekan, musaffo osmon uzra suzib yurgan "havo kema"larimizni tilga olmaslik mumkin emas. Prezidentimizning 1991 yil 28 yanvarda imzolangan "O’zbekiston havo yo’llari" milliy aviakompaniyasini tashkil etish to’g’risida"gi Farmoni yurtimizda aynan aviatsiya sohasida ham tub o’zgarishlar davrini boshlab berdi. Chunonchi, Buxoro aeroporti mehnat jamoasining samarali faoliyati hukumatimiz tomonidan alohida e’tirof etilib, 1999 yilda mazkur aviakorxonaga "Xalqaro aeroport" maqomi berildi.

Bugungi kunda mamlakatimiz Investitsiya dasturiga binoan "O’zbekiston havo yo’llari" milliy aviakompaniyasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Turgan gapki, Buxoro xalqaro aeroporti ham bu kabi o’zgarishlardan chetda qolayotgani yo’q. Yurtboshimizning "2011-2015 yillarda infrastrukturani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to’g’risida"gi qarori ijrosi doirasida xalqaro avialiniyalarga xizmat ko’rsatuvchi yangi aerovokzalni qurish va foydalanishga topshirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Yuqori texnologik jihozlar bilan ta’minlangan bugungi zamonaviy yo’lovchi terminalida mijozlarga jahon andozalariga muvofiq xizmat ko’rsatilmoqda. Bu erda aeroport xodimlari uchun ham barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yangi yo’lovchi terminali 2011 yilning noyabrida ishga tushirilgan bo’lib, u soatiga 400 nafar mijozga sifatli xizmat ko’rsatish imkoniga ega.

Bugungi kunda Buxoro zaminidan yurtimizning boshqa go’shalariga hamda Hamdo’stlik davlatlaridagi qator yirik shaharlarga 20 dan ortiq yo’nalishda parvoz qilish mumkin. Bundan tashqari, bu erda bir qancha charter reyslari ham tashkil etilgan. Shu orqali xorijiy mamlakatlardan ham samolyotlar qabul qilinmoqda.

Darvoqe, o’tgan davr mobaynida erishilgan yuqori ko’rsatkichlar, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishdagi salmoqli hissasi, yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish sifati va ko’lami darajasini oshirishdagi yutuqlari uchun Buxoro xalqaro aeroporti Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlari fuqaro aviatsiyasining Moskvada faoliyat yurituvchi "Aeroport assotsiatsiyasi" tomonidan 2014 yil yakunlari bo’yicha o’tkazilgan nufuzli tanlovda alohida e’tirofga sazovor bo’ldi. Aviakorxona jamoasi MDH mamlakatlaridagi yiliga 200 ming nafargacha yo’lovchiga xizmat ko’rsatuvchi "havo gavan"lari o’rtasida asosiy yo’nalish — "Yilning eng yaxshi aeroporti" nominatsiyasida birinchi o’rinni egallab, bosh sovrin — Katta kubok va Faxriy yorliqni qo’lga kiritdi. U shuningdek, ISO 9001: 2008 sifat sertifikatiga ham ega. Bundan tashqari, kelgusi yilda "Orzular layneri" deb ta’riflanuvchi "Boing-787" rusumli ikkita yangi samolyot qabul qilinishi kutilmoqda. Bundan atigi 25-30 yillar muqaddam ushbu muvaffaqiyatlarni tasavvur etish ham dushvor edi.

Albatta, shu singari yutuqlar turizmdek o’ta muhim, keng tarmoqli soha taraqqiyotida ham birlamchi bo’g’in sanaladi. Yurtimiz shaharlari esa qadimdan madaniyat, san’at, ilm-ma’rifat, savdo-sotiq markazlari sifatida dong taratib kelgan, tarixiy yodgorliklarga boy go’shalar sifatida ulkan turistik salohiyatga ega. O’z navbatida istiqlol tufayli ajdodlarimizdan qolgan ma’naviy merosimiz, tabarruk obida va qadamjolarimiz tiklandi, qayta ta’mirlanib, xalqqa qaytarildi. Mustaqillik yillarida Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abdulxoliq G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqa ko’plab ulug’ zotlarning ziyoratgohlari bunyodkorlik yo’li bilan butunlay o’zgacha qiyofa kasb etgani ham yuqorida ta’kidlab o’tilgan o’ziga xos salohiyatning yuzaga chiqishida pillapoya vazifasini o’taganini eslash joiz. Chunki ham ichki, ham tashqi sayyohlik rivoji mavjud turistik ob’ektlarning ahvoli, ulardagi shart-sharoitlarga bevosita bog’liq. Mazkur jihat xizmat ko’rsatish, servis sohasini tubdan yaxshilashni taqozo qilmay qolmasdi, albatta. Shu sababli mustaqillikning ilk yillaridan boshlaboq Samarqand, Xiva, Buxoro, Toshkent, Shahrisabz, Qarshi va boshqa shaharlarimizning boy turistik imkoniyatlaridan unumli foydalanishga e’tibor qaratildi. Aynan istiqlol davrida mazkur shaharlarimizning yubileylari jahon jamoatchiligi bilan birgalikda nishonlandi. Samarqand shahrida o’tadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali esa allaqachon Mag’ribu Mashriq xalqlari madaniyatining o’ziga xos ko’prigiga aylanib ulgurdi.

Albatta, o’zbek turizmi deganda kishi ko’z oldida birinchilar qatori qadimiy va hamisha navqiron Buxoro zamini ham gavdalanadi. Mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko’rsatish sifatining yildan yilga yaxshilanayotgani, bu borada yuqori darajadagi infratuzilmaning shakllanganligi, shuningdek, mavjud ob’ektlarning e’tiborga molik ekanligi, o’z navbatida ushbu omil diyorimizga keluvchilar oqimining tobora ortishiga turtki berayotgani birgina shu viloyat misolida ham yaqqol ko’rinadi. Xususan, an’anaga aylanib qolgan "Ipak va ziravorlar" festivali Buxoroning dovrug’ini butun dunyoga yoyishga katta hissa qo’shyapti. O’tmishimiz va bugunimiz mujassam "Ko’hna va boqiy Buxoro" madaniy markazi allaqachon barchaning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Ayni paytda Buxoroning eski shahar qismida keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari ketayotgani esa yaqin vaqtlar ichida yurtimizning turizm yo’nalishidagi imkoniyatlari yanada oshishidan dalolat beradi.

Umuman, ona diyorimizning istiqlol yillaridagi tamoman o’zgacha qiyofasi birgina Buxoro zaminida yuz bergan o’zgarishlar, erishilgan muvaffaqiyatlar misolidayoq bor bo’yicha gavdalanishini sezish qiyin emas. Mustaqillikning ayni shu vohadagi ulkan ob’ekti sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi unitar korxonasini e’tirof etish mumkin. 1993 yilda Qorovulbozor tumanida Prezidentimiz tashabbusi bilan respublika Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida qurishga kirishilgan bu gigant korxona qisqa muddat ichida ishga tushib, neft va gaz kondensatini qayta ishlashdek asosiy faoliyat turi orqali mamlakatimizning iqtisodiy qudrati oshishiga munosib ulush qo’shyapti.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, endilikda Buxoro viloyatida joriy yildan e’tiboran Qandim gazni qayta ishlash majmuasining qurilishi boshlandi. "O’zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasi tizimidagi mazkur yangi zavod sanoatimiz salohiyatini yuksaltirish, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladigan muhim ob’ekt bo’lishi shubhasiz. "Lukoyl" kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilayotgan mazkur yirik korxona mamlakatimizning neft-gaz sanoati imkoniyatlaridan unumli foydalanish, iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini ta’minlashda yetakchi "lokomotiv"lardan biriga aylanadi. Shuningdek, zavodning ilk bosqichi ishga tushirilgandan keyin bu erda yiliga 8,1 milliard kub-metr tozalangan tabiiy gaz qayta ishlanishidan tashqari, katta hajmda barqaror gaz kondensati va qumoqlangan oltingugurt tayyorlash uchun oltingugurtvodorodli gazning qayta ishlanishini, korxona to’la quvvat bilan faoliyat yurita boshlagach esa ishchilar soni 7 ming nafarga yetishini nazarda tutsak, uning nechog’li ulkan loyiha ekanligi yaqqol ayon bo’ladi.

Umuman olganda, respublikamizning o’tgan 25 yillik hayotiga nazar solsak, Prezidentimiz tomonidan uzoqni ko’zlagan holda olib borilayotgan g’oyat puxta, oqilona siyosat, respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan ishlab chiqilgan va chiqilayotgan qonun hamda qonunosti hujjatlarining hayotga keng yo’sinda tatbiq etilayotgani, qolaversa, mustaqil diyorimizda tinchlik, xotirjamlik, farovon turmush qaror topgani ijtimoiy hayotning barcha tarmoq va yo’nalishlaridagi yangilanishlar, yuksalishlar tagzamini bo’lib xizmat qilayotganini ko’ramiz. Ushbu omillarni ko’zda tutgan holda mehnat qilish, xalq deputatlari va senatorlar, barcha fuqarolar tomonidan yurt ravnaqi yo’lida fidoyilik ko’rsatilishi esa yorqin kelajak sari dadil odimlashimizda, o’zimizdan ozod va obod Vatan qolishida beqiyos ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Tohir BAHRONOV, respublika Oliy Majlisi Senati a’zosi.

Orqaga Chop Etish  993 |   27-07-2016




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 55
  • Ko`rib chiqilmagan: 16
  • Ko`rib chiqilmoqda: 5
  • Ko`rib chiqilgan: 34

16-12-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 2 ta

navigation